O‘zbekiston delegatsiyasi AEXAning 70-Bosh konferensiyasida
Joriy yilning 14–18-sentabr kunlari Vena shahrida Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA)ning 70-Bosh konferensiyasi bo‘lib o‘tadi.
Unda AEXAga a’zo 180 dan ortiq davlat delegatsiyalari ishtirok etmoqda. Konferensiya doirasida yadro fanlari va texnologiyalarini rivojlantirish, yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlikni mustahkamlash, Agentlik faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek, 2027-yil budjeti va 2026-yil yakunlari muhokama qilinmoqda.
O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibidan Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi raisi Abduvaqqos Rafiqov, “O‘zatom” agentligi bosh direktori Aziz Axmedxo‘jayev, O‘zbekistonning Avstriyadagi elchisi Baxtiyor Ibragimov, Yadro fizikasi instituti direktori o‘rinbosari Faxrulla Kungurov, Sog‘liqni saqlash vazirligi, “AES qurilishi direksiyasi” va boshqa tashkilotlar vakillari o‘rin olgan.
Bosh konferensiyaning yalpi majlisida O‘zbekiston delegatsiyasining ma’ruzasi rejalashtirilgan. Unda mamlakatimizning AEXA bilan hamkorlikda yadroviy infratuzilmani rivojlantirish, yadro tibbiyoti, tadqiqot reaktori xavfsiz ekspluatatsiyasini ta’minlash hamda o‘quv laboratoriyalarini mustahkamlash yo‘nalishlaridagi qo‘shma loyihalari va erishilgan natijalar haqida ma’lumot beriladi. Shuningdek, konferensiya doirasida O‘zbekiston delegatsiyasining qator xalqaro uchrashuv va muzokaralarda ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.