AEXAning 70-Bosh konferensiyasi: xalqaro hamkorlikning yangi bosqichi

O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA)ning 70-Bosh konferensiyasida ishtirokini boshladi.

14–18-sentabr kunlari Vena shahrida o‘tkazilayotgan mazkur yirik xalqaro tadbirda AEXAga a’zo 181 ta davlat vakillari ishtirok etmoqda. Konferensiya kun tartibidan yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlik, atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish, xalqaro hamkorlik va sohani tartibga solish masalalari o‘rin olgan.

Tadbir doirasida Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi raisi Abduvaqqos Rafiqovning xorijiy hamkorlar bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Jumladan, Vengriya tartibga solish organi rahbari Andrea Beatriks Kadar hamda Belarus tartibga solish organi rahbari Aleksandr Ivanitskiy bilan o‘tkazilgan muloqotlarda yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlikni ta’minlash, sohani davlat tomonidan tartibga solish va o‘zaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

Bugungi kunda atom energiyasidan foydalanish sohasida xavfsizlikni ta’minlash nafaqat zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, balki ularni samarali nazorat qilish, litsenziyalash, inspeksiya, radiatsiyaviy monitoring va favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlikning yagona tizimini shakllantirishni talab etadi.

O‘zbekistonda ham mazkur yo‘nalishda milliy tartibga solish tizimi izchil takomillashtirilmoqda. Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasiga atom energiyasidan foydalanish sohasida davlat nazoratini amalga oshirish, xavfsizlik talablariga rioya etilishini ta’minlash, litsenziyalash va sohaviy normativ-huquqiy bazani takomillashtirish kabi muhim vazifalar yuklatilgan.

Shu bilan birga, Qo‘mita huzurida Radiatsiya va yadro xavfsizligi ilmiy-texnik markazining tashkil etilishi sohani ilmiy va ekspertlik jihatdan qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini kengaytirmoqda.

AEXAning 70-Bosh konferensiyasi doirasidagi ikki tomonlama uchrashuvlar O‘zbekistonning xalqaro standartlar va ilg‘or tajribalar asosida yadroviy hamda radiatsiyaviy xavfsizlik tizimini yanada rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarining muhim qismi hisoblanadi.
Ishonchli tartibga solish, malakali kadrlar va xalqaro hamkorlik — yadroviy xavfsizlikning ustuvor asoslaridir.