AQSH va O‘zbekiston radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda
O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlikning (AEXA) 70-Bosh konferensiyasidagi ishtiroki doirasida O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlarining radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasidagi tartibga solish organlari o‘rtasida o‘zaro anglashuv Memorandumi imzolandi.
Mazkur hujjat radiatsiya va yadro xavfsizligi, litsenziyalash va inspeksiya faoliyati, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, avariya holatlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularga javob choralarini ishlab chiqish, shuningdek, mutaxassislar malakasini oshirish hamda tajriba almashish yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Memorandum ikki davlatning tartibga solish organlari o‘rtasida axborot va tajriba almashinuvini kengaytirish, atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanishda xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Memorandumni Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi raisi A. Rafiqov hamda AQSH Yadroviy tartibga solish komissiyasi raisi H. K. Nieh imzoladilar.