Radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida xalqaro hamkorlik

Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA)ning 70-Bosh konferensiyasi doirasida Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi huzuridagi Radiatsiya va yadro xavfsizligi ilmiy-texnik markazi hamda Turkiyaning NÜTED (Nuclear Technical Support Joint Stock Company) ilmiy-texnik qo‘llab-quvvatlash tashkiloti o‘rtasida axborot almashinuvi va hamkorlik to‘g‘risidagi hujjat imzolandi.

Mazkur hujjat radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasidagi ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro tajriba va bilim almashish, zamonaviy ilmiy yondashuvlarni joriy etish hamda mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan.

Hamkorlik doirasida ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, texnik ekspertiza va tahliliy salohiyatni kuchaytirish, mutaxassislar uchun o‘quv va malaka oshirish tadbirlarini tashkil etish, shuningdek, o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda qo‘shma tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan.