Farg‘onada lift va kranlardan xavfsiz foydalanish masalalariga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi

Farg‘ona viloyatida davlat dasturlari doirasida qurilayotgan obyektlarni o‘z vaqtida va sifatli foydalanishga topshirish, shuningdek, qurilish va sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi.

Tadbirda Farg‘ona viloyati hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari, tegishli nazorat organlari vakillari, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi Farg‘ona hududiy boshqarmasi boshlig‘i, quruvchi tashkilotlar rahbarlari va mas’ul xodimlar ishtirok etdi.

Seminarda davlat dasturlari doirasidagi obyektlarni foydalanishga topshirish jarayonidagi muammolar, ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy obyektlarda liftlarni o‘rnatish va xavfsiz ekspluatatsiya qilish, shuningdek, qurilish maydonlarida yuk ko‘tarish kranlaridan xavfsiz foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, lift va kranlarni belgilangan tartibda texnik ko‘rikdan o‘tkazish, zarur hujjat va ruxsatnomalarni o‘z vaqtida rasmiylashtirish hamda xavfsizlik talablariga qat’iy rioya etish yuzasidan ishtirokchilarga tegishli tavsiyalar berildi.