Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasida avariyaga qarshi amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi
Joriy yilning 16-sentabr kuni “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasida avariyaga qarshi amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi.
Mashg‘ulotda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining mutaxassislari hamda majmuaning tegishli xizmatlari ishtirok etdi.
Mashg‘ulot doirasida “Tayyor mahsulotlar va xom ashyo” sexiga qarashli “FB-8103” buten-1 saqlash idishining shikastlanishi natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan shartli avariya holati bo‘yicha belgilangan harakatlar amaliyotda sinovdan o‘tkazildi.
Jarayon davomida avariya holatida xodimlarni ogohlantirish, xavfli hududni nazoratga olish, kuch va vositalarni safarbar etish hamda avariya oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha belgilangan choralar ko‘rib chiqildi.
Bunday amaliy mashg‘ulotlar xavfli ishlab chiqarish obyektlarida avariyaga tayyorgarlik darajasini oshirish, mavjud xavflarni amaliy baholash va sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

