KO‘P QAVATLI UYLARDA LIFTLARDAN XAVFSIZ FOYDALANISH: YANGI TALABLAR
Ko‘p qavatli uylarda liftlardan xavfsiz va uzluksiz foydalanishni ta’minlash, aholining hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish maqsadida liftlardan foydalanish bo‘yicha yangi talablar belgilandi.
Boshqarish organlari zimmasiga quyidagi muhim vazifalar yuklatiladi:
liftning butun foydalanish muddati davomida avariyasiz va xavfsiz ishlashini ta’minlash;
liftlar faoliyati ustidan dispetcherlik nazoratini yo‘lga qo‘yish;
avariya-qutqaruv qurilmalari, kuzatuv kameralari, aloqa vositalari va avariya haqida xabar berish tizimlarini doimo soz holatda saqlash;
lift kabinasi, mashina xonasi va dispetcherlik punkti o‘rtasida ikki tomonlama aloqani ta’minlash;
liftning butun foydalanish davri davomida lift jurnalini yuritish;
liftlarga har oy texnik xizmat ko‘rsatish va har yili davriy texnik ko‘rikdan o‘tkazish;
aniqlangan avariya, nosozlik va boshqa xavfli holatlar haqida zudlik bilan texnik xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotni xabardor qilish;
nogironligi bo‘lgan shaxslarning liftlardan xavfsiz foydalanishi uchun zarur sharoitlarni yaratish;
liftda foydalanish qoidalariga zid yoki taqiqlangan yuklarni tashishga yo‘l qo‘ymaslik.
LIFT KABINASIDA QANDAY MA’LUMOTLAR BO‘LISHI KERAK?
Lift kabinasida foydalanish qoidalari bilan bir qatorda:
liftning nomi va maqsadi;
yuk ko‘tarish qobiliyati va ruxsat etilgan yo‘lovchilar soni;
“Xavfsiz lift” elektron platformasidagi qayd raqami va davriy texnik ko‘rikdan o‘tganligi haqidagi ma’lumotlar;
texnik xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot yoki avariya xizmati bilan bog‘lanish uchun telefon raqami ko‘rsatilishi lozim.
Shuningdek, lift shaxtasi, mashina xonasi va ularga kirish joylari bo‘sh hamda yorug‘ holatda saqlanishi kerak.
Eslatma: Liftning xavfsizligi faqat texnik xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning emas, balki undan foydalanishni tashkil etuvchi boshqarish organi, mas’ul tashkilotlar va foydalanuvchilarning ham umumiy mas’uliyatidir.