MAKTAB VA BOG‘CHALARDA QOZONXONALAR XAVFSIZLIGI — MUHIM VAZIFA
Yangi o‘quv yili arafasida maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim maktablarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Ta’lim muassasalarini issiqlik bilan ta’minlaydigan gaz, ko‘mir va boshqa qattiq yoqilg‘ida ishlovchi qozonxonalar xavfsizligi alohida e’tibor talab etadi.
Qozonxonalarda texnik nosozlik, gaz sizib chiqishi, yoqilg‘idan noto‘g‘ri foydalanish yoki xavfsizlik talablariga rioya qilmaslik yong‘in, portlash, is gazidan zaharlanish hamda boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Qozonxonalarni ishga tushirishdan oldin:
- qozon va uning asosiy qismlarining texnik holati tekshirilishi;
- gaz quvurlari, armatura va ulanish joylarida sizib chiqish holatlari mavjud emasligi nazorat qilinishi;
- gaz, tutun chiqarish va shamollatish tizimlarining sozligi ta’minlanishi;
- avtomatik himoya, nazorat-o‘lchov asboblari va xavfsizlik qurilmalarining ishga yaroqliligi tekshirilishi;
- mo‘ri va tutun yo‘llari belgilangan tartibda ko‘rikdan o‘tkazilishi va tozalanishi;
- ko‘mir va boshqa qattiq yoqilg‘ilar qozonxonada xavfsizlik talablariga muvofiq saqlanishi;
- qozonxonaga begona shaxslarning kirishi cheklanishi;
- qozonxona xodimlari tegishli o‘qitish, yo‘l-yo‘riq va bilim sinovidan o‘tkazilishi;
- aniqlangan nosozliklar bartaraf etilmaguncha qozonxonani ishlatishga yo‘l qo‘yilmasligi lozim.
Ayniqsa gazda ishlaydigan qozonxonalarda:
Gaz hidi sezilganda ochiq olovdan foydalanish, elektr jihozlarini yoqish yoki o‘chirish qat’iyan mumkin emas. Zudlik bilan gaz ta’minotini to‘xtatish, xonani shamollatish, odamlarni xavfsiz hududga chiqarish va tegishli xizmatlarga xabar berish zarur.
Rahbarlar va mas’ullar zimmasidagi vazifa
Maktab va bog‘cha rahbarlari qozonxonalar, gaz xo‘jaligi, isitish tizimlari hamda ulardan foydalanishga mas’ul xodimlarning xavfsizligini ta’minlashi, uskunalarning texnik holatini muntazam nazorat qilishi va belgilangan xavfsizlik talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlashi shart.
Bitta e’tiborsizlik — inson hayoti uchun katta xavf.
Bolalar ta’lim va tarbiya olayotgan maskanlarda issiqlik bilan bir qatorda, eng avvalo xavfsizlik ta’minlanishi kerak!
Sanoat xavfsizligi talablariga rioya qilish — avariyalarning oldini olish va inson hayotini asrashning muhim kafolatidir.