MUSTAQILLIKNING 35 YILLIGI — YUKSAK E’TIROF, FIDOKORONA MEHNAT VA YANGI MARRALAR
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi mamlakatimiz hayotidagi ulug‘ va qutlug‘ sana sifatida keng nishonlanmoqda.
Mazkur qutlug‘ sana munosabati bilan Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasida tashkil etilgan tantanali tadbirda Qo‘mita tarkibidagi “Sanoat xavfsizligi” Davlat muassasasi rahbari Y. Ibragimov hamda muassasa xodimlari ishtirok etdilar.
Tadbirda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi raisi A. Rafiqov so‘zga chiqib, jamoa a’zolarini O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy muborakbod etdi.
Tantanali tadbirda mamlakatimiz mustaqilligi yillarida barcha sohalarda erishilgan yutuqlar, xalqimiz farovonligini oshirish, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, shuningdek, sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar alohida ta’kidlandi.
Tadbirning muhim lahzalaridan biri — O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan esdalik ko‘krak nishonlarining tantanali topshirilishi bo‘ldi.
“Sanoat xavfsizligi” Davlat muassasasi rahbari Y. Ibragimov ham ushbu yuksak e’tirofga sazovor bo‘lib, 35 yillik esdalik ko‘krak nishoni bilan tantanali ravishda taqdirlandi.
Mazkur e’tirof nafaqat shaxsiy mehnatga berilgan yuksak baho, balki sanoat xavfsizligini ta’minlash, xavfli ishlab chiqarish obyektlarida avariyalarning oldini olish va ularning oqibatlarini minimallashtirish, shuningdek, sohada belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish yo‘lidagi fidokorona xizmatning munosib e’tirofidir.
Tadbir davomida jamoa vakillari mustaqillik yillarida mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, erishilgan salmoqli natijalar hamda sohani yanada rivojlantirish va xavfsizlikni ta’minlash borasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan fikr almashdilar.
Mustaqillik — xalqimizning bebaho qadriyati, milliy taraqqiyotimizning mustahkam poydevori va buyuk kelajagimizning ishonchli kafolatidir.
“Sanoat xavfsizligi” Davlat muassasasi jamoasi barcha yurtdoshlarimizni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan chin qalbdan muborakbod etadi!
Yurtimiz tinch va osmonimiz musaffo, xalqimiz farovonligi va Vatanimiz taraqqiyoti bardavom bo‘lsin!