AVTOTRANSPORT VOSITALARIGA O‘RNATILGAN GAZ BALLONLARINI KO‘RIK VA SINOVDAN O‘TKAZISH BO‘YICHA SEMINAR O‘TKAZILDI

Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining Qashqadaryo hududiy boshqarmasi hamda Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi hamkorligida avtotransport vositalariga o‘rnatilgan siqilgan va suyultirilgan gaz (SPG va SNG) ballonlarini ko‘rik va sinovdan o‘tkazuvchi sinov laboratoriyalari rahbarlari va mas’ul xodimlari ishtirokida o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi.

Seminarda gaz ballonlarini ko‘rik va sinovdan o‘tkazishda amaldagi qonunchilik va sanoat xavfsizligi talablari, sinov laboratoriyalari faoliyatini belgilangan tartibda tashkil etish, texnik holatni baholash, sinov natijalarini rasmiylashtirish hamda tegishli texnik hujjatlarni yuritish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 16-fevraldagi 35-son hamda 2022-yil 5-oktabrdagi 566-son qarorlari bilan belgilangan talablar, jumladan, Yagona nizomning 34-ilovasida nazarda tutilgan ruxsat berish talablari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.

Seminar yakunida mas’ul xodimlarga gaz ballonlarini ko‘rik va sinovdan o‘tkazishda ishlarning sifatli va xolis bajarilishi, soz hamda tekshiruvdan o‘tgan asbob-uskunalardan foydalanish va xavfsizlik talablariga qat’iy rioya etish yuzasidan tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.