Mijoz huquqi va majburiyatlari

Buyurtmachi sertifikatlashtirish talablarini doimiy ravishda bajaradi, shu jumladan sertifikatlashtirish organi tomonidan unga yetkazilgan tegishli o‘zgartirishlarni amalga oshiradi;

Uzluksiz ishlab chiqarish sertifikati mavjud bo‘lganda, sertifikatlangan mahsulot ushbu mahsulotga qo‘yiladigan talablarga doimo muvofiq bo‘ladi;

Buyurtmachi quyidagilarni ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘radi:

  1. a) mahsulotni baholash va davriy baholashni o‘tkazish (agar talab etilsa), shu jumladan hujjatlar va yozuvlarni ko‘rib chiqish uchun taqdim etish, hamda buyurtmachining tegishli asbob-uskunalari, joylashgan joyi, hududi, xodimlari va subpudratchilari bilan tanishish imkoniyatini berish;
  2. b) shikoyatlarni ko‘rib chiqish;
  3. v) zarur hollarda kuzatuvchilarning ishtirokini ta’minlash.

Buyurtmachi sertifikatlashtirish sohasiga muvofiq sertifikatlashtirishga e’tiroz bildirish huquqiga ega;

Buyurtmachi mahsulotni sertifikatlashtirishdan sertifikatlashtirish organining obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan tarzda foydalanmaydi, shuningdek o‘z mahsulotini sertifikatlashtirishga nisbatan sertifikatlashtirish organi chalg‘ituvchi yoki noqonuniy deb hisoblaydigan hech qanday bayonotlar bermaydi;

Sertifikatlashtirish to‘xtatilgandan, bekor qilingandan yoki tugatilgandan so‘ng, buyurtmachi sertifikatlashtirishga har qanday havolalarni o‘z ichiga olgan barcha reklama materiallaridan foydalanishni to‘xtatadi va sertifikatlashtirish sxemasi talab qiladigan choralarni (masalan, sertifikatlashtirish hujjatlarini qaytarish) hamda boshqa har qanday zarur choralarni ko‘radi;

Buyurtmachi tomonidan boshqa shaxslarga taqdim etiladigan sertifikatlashtirish hujjatlarining nusxalari to‘liq yoki sertifikatlashtirish sxemasida ko‘rsatilganidek takrorlanishi kerak;

Buyurtmachi hujjatlar, broshyuralar yoki reklama prospektlari kabi axborot vositalarida o‘z mahsulotining sertifikatlashtirilishiga havola berishda sertifikatlashtirish organi tomonidan belgilangan yoki sertifikatlashtirish sxemasida ko‘rsatilgan talablarga rioya qilishi shart;

Buyurtmachi muvofiqlik belgisidan foydalanish bo‘yicha sertifikatlashtirish sxemasida ko‘rsatilgan barcha talablarga, shuningdek mahsulot to‘g‘risidagi ma’lumotlarga qo‘yiladigan talablarga rioya qiladi.

Buyurtmachi sertifikatlashtirish talablariga rioya etilishiga taalluqli o‘ziga ma’lum bo‘lgan barcha shikoyatlar to‘g‘risida yozuvlar yuritadi, bu yozuvlarni sertifikatlashtirish organiga uning so‘roviga ko‘ra taqdim etadi va:

  1. a) bunday shikoyatlar va mahsulotda aniqlangan, sertifikatlashtirish talablariga rioya etilishiga ta’sir ko‘rsatadigan har qanday kamchiliklarga nisbatan tegishli choralar ko‘radi;
  2. b) amalga oshirilgan harakatlarni hujjatlashtiradi

Buyurtmachi mahsulotlarni sertifikatlashtirish organini uning sertifikatlashtirish talablariga rioya etish imkoniyatlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan quyidagi o‘zgarishlar haqida zudlik bilan xabardor qiladi:

- yuridik, tijorat, tashkiliy maqomning yoki mulkchilik shaklining o‘zgarishi;

- tashkilot va rahbariyatdagi o‘zgarishlar (masalan, oliy rahbariyat, qaror qabul qiluvchi xodimlar yoki texnik xodimlardagi o‘zgarishlar);

- mahsulot yoki ishlab chiqarish usulidagi o‘zgarishlar;

- aloqa ma’lumotlari va ishlab chiqarish joyi o‘zgarganligi;

- sifat boshqaruvi tizimidagi jiddiy o‘zgarishlar.

Buyurtmachi sertifikatlashtirish uchun taqdim etilgan asbob-uskunalarning O‘zbekiston Respublikasida amal qilayotgan me’yoriy-huquqiy hujjatlarda belgilangan talablarga muvofiqligi uchun javobgar hisoblanadi.

Foydalanish joyiga yoki sinov maydonchalariga o‘rnatish va montaj qilish talab etiladigan, identifikatsiyalash va namunalar (sinovlar) olish bayonnomasi bilan rasmiylashtirilgan asbob-uskunalar bojxona omboridan olib chiqilayotganda, ularni saqlash, tashish va ishga tushirish-sozlash ishlari davomida javobgarlik "Buyurtmachi" zimmasiga yuklanadi.